Jamiyat

Koronavirusga "davo topgan" ovchiga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumani Qiziltog‘ shaharchasida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan Qizil kitobga kiritilgan turli xildagi noyob hayvonlar noqonuniy ovlanib, go‘shtlari “COVID-19”ga davo sifatida sotilayotgani haqida yozildi.

Koronavirusga "davo topgan" ovchiga chora ko‘rildi

 

Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat inspeksiyasining Parkent tumani bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirildi hamda xabarda zikr etilgan ovchidan yozma tushuntirish xati olindi. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar beradi.

 

Surishtiruv davomida fuqaro 2005 yildan buyon ovchilar jamiyati birlashmasiga aʼzoligi hamda sport va havaskorlik tarzida qonunda belgilangan tartibda ovchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelishini taʼkidlab o‘tdi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaraga sabab bo‘lgan mazkur postdagi fotosuratlar fuqaroning 2012-2015 yillar davomida Rossiya Federatsiyasida Ovchilik xo‘jaligida faoliyat olib borgan davrlarida olinganligi hamda dastlab uning o‘zi tomonidan ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilganligi aniqlandi. 

 

Shuningdek, fuqaroning taʼkidlashicha, joriy yil 24 iyul kuni o‘rta yoshli shaxs tomonidan unga qo‘ng‘iroq qilinib, onasi betobligi tufayli jayra yoki bo‘rsiq go‘shti kerakligi so‘ralgan. Fuqaro qo‘ng‘iroq egasiga hozirda ov mavsumi yopiqligi uchun ovchilik faoliyati bilan shug‘ullanmayotganligini, ov mavsumi boshlanganda shunday hayvonlardan qonuniy ravishda o‘lja olsa, so‘ralgan nimtani yetkazib berishi mumkinligini maʼlum qilgan.

Jurnalist va blogerlardan asoslanmagan hamda eski maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, yolg‘on shov-shuvlarni tarqatmaslik so‘ralgan boshqarma bayonotida. 

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 2021 yilda jayra, yovvoyi to‘ng‘iz va bo‘rilarni tabiatdan ovlashga O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi hamda Davlat qo‘riqxonalari milliy tabiat bog‘lari va ovchilik boshqarmasiga kvota ajratilgan. 

Fuqaro Ahmad Mirzarahmedovga Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 2021 yil uchun yovvoyi hayvonlarni ovlashga kvota ajratilmagan hamda yovvoyi hayvonlarni tabiatdan ovlashga ruxsatnoma rasmiylashtirilmagan.

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"