0

Taxiatosh IIBga olib ketilgan fuqaroning o‘limi yuzasidan maʼlumot berildi

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda «Taxiatosh tumanida ichki ishlar organi xodimi fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘ldi» sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar bo‘yicha maʼlumot berdi.

Taxiatosh IIBga olib ketilgan fuqaroning o‘limi yuzasidan maʼlumot berildi

 

Qayd etilishicha, 2021 yilning 23 may kuni soat 11:00 lar chamasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani IIB navbatchilik qismining 102 telefon raqamiga o‘zini Ramazan ko‘chasida yashovchi G‘ulom deb tanishtirgan fuqaro qo‘ng‘iroq qilib, 7-uyning oldida bir mast fuqaro yotgani to‘g‘risida xabar bergan. Mazkur xabar yuzasidan voqea joyiga huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori kapitan S.Baymuratov borgan.

Kapitan S.Baymuratov Ramazan ko‘chasiga borganida, o‘zini B.Tajimuratov deb tanishtirgan mast fuqaroni tibbiyot birlashmasiga olib borgan va shifokor ko‘rigidan o‘tkazib, B.Tajimuratovning mastligi va jarohati haqida alkogolli ichimlik taʼsirida mastlik, o‘pkaga lat yetishi, chap qosh sohasida jarohat tashhisi bilan maʼlumotnoma olgan.

Kapitan S.Baymuratov fuqaro B.Tajimuratovni navbatchilik bo‘limiga olib kelib topshirib, voqea yuzasidan bo‘lim boshlig‘i nomiga bildirgi bilan axborot bergan.

Fuqaro B.Tajimuratovning sog‘lig‘i bo‘limning hushyorlik xonasida yomonlashgani sabab shu kungi navbatchilik qismi navbatchisi tomonidan tez yordam chaqirilib, B.Tajimuratov kasalxonaga yuborilgan. Keyinchalik fuqaroning shaxsi surishtirilganda, u Taxiatosh tumanida yashovchi B.Dauletmuratov ekani aniqlangan.

2021 yilning 28 may kuni fuqaro B.Dauletmuratovning opasi Taxiatosh tumani Tantashov ko‘chasida yashovchi fuqaro S.Dauletmuratova Taxiatosh tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, ukasini profilaktika inspektori kapitan S.Baymuratov urib, tan jarohat yetkazganini ko‘rsatgan.

Mazkur murojaat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilib, 28 iyun kuni kapitan S.Baymuratovning xatti-harakatlarida hech qanday qonunbuzilish holatlari aniqlanmagani to‘g‘risida xulosa qabul qilingan.

Holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston prokuraturasi ham munosabat bildirib, hozirgi kunda B.Dauletmuratov o‘limi holati yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini maʼlum qilgan.

Holat bo‘yicha Taxiatosh tumani IIB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi va marhum B.Dauletmuratovning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur tergovga qadar tekshiruv harakati shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori nazoratiga olingan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"

Taxiatosh IIBga olib ketilgan fuqaroning o‘limi yuzasidan maʼlumot berildi