O‘zbekistonga yana Erondan issiq va quruq ob-havo massalari kirib kelmoqda
Gidrometeorologiya xizmati dam olish kunlarida O‘zbekistonda kutilayotgan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

Bugun va ertaga O‘zbekistonda biroz salqin ob-havo saqlanib qoladi. Kam bulutli bo‘ladi, baʼzi joylarda o‘zgarib turadi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat bugun Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida kunning birinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo haroratining kunduz kungi qiymati 32-37° ni tashkil etadi. Shamolning tezligi baʼzi joylarda 17-22 m/s gacha kuchayadi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘li hududlarida va vodiyning Qirg‘iziston Respublikasi bilan yondosh hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga, kecha va bugun Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi eʼlon qilingan.
1 avgustdan respublikani salqin havo massalari asta-sekin tark eta boshlaydi. Uning o‘rnini Erondan kirib keladigan issiq va quruq ob-havo massalari egallaydi. Kunduz kuni havo haroratining 35-40° gacha isishi kutilmoqda.
Respublikaning tog‘li hududlarida baʼzi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.







