Hoy abituriyent, senda “X variant” bormi?
Har yili test imtihonlari oldidan abituriyentlar orasida shu gap aylanadi. Bu esa, repetitorga qatnab, bilimini boyitgan, o‘z kuchi bilan o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlarning shashtini pasaytirib, ishonchini so‘ndirishi ayni haqiqat. Buning sababi oddiy: yil davomida (balki ikki, uch yil) uyqusiz tunlardan voz kechib, ming tayyorlanmang, bir olg‘ir abituriyent o‘rningizga o‘qishga kirib tursa?..

Tan olish kerak, bundan bir necha yillar ilgari “X variant”, “Bunker”, “Rektor yoki dekan guruhlar” kabi tushunchalarni oddiy holdek qabul qilardik. Ammo tizim o‘zgardi. Bir necha yildan beri Davlatimiz rahbarining bevosita topshirig‘iga binoan, davlat test imtihonlari butunlay yangicha tizimda — SHAFFOF o‘tkazilmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramay, imtihon yaqinlashgach, odamlar orasida turli gap-so‘z ko‘payib bormoqda. Xususan, kuni kecha baʼzi bir ijtimoiy tarmoqlarda “X variant chiqishni boshlabdi”” qabilidagi xabar tarqaldi. Bu xabarga oydinlik kiritish maqsadida Davlat test markazi matbuot xizmati xodimlari bilan bog‘landik.
— Siz aytayotgan ana shu jarayonlarni bartaraf etish va haqqoniylikni taʼminlash, oliy o‘quv yurtlariga faqat bilimli abituriyentlarni saralab olish, shaffoflikni taʼminlash maqsadida Davlat test markazi tomonidan puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. “X variant”ning chiqishi haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas. Test imtihonlari necha kun davom etishidan qatʼiy nazar test sinovlaridagi savollar birinchi, ikkinchi, uchinchi yoki o‘ninchi kundagisi bilan bir xil bo‘lmasligi choralarini ham ko‘rganmiz. Shu bois, baʼzi bir abituriyentlar birinchi yoki ikkinchi kunda imtihonda qatnashgan abituriyentlardan savollar varaqasini yoki javobini bilib olaman, degan xom xayolga berilib yurmasligi kerak. Buning iloji yo‘q. Bu yil ham faqat o‘qigan, puxta bilim olgan abituriyentlargina talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘la oladi.
Shu o‘rinda yana bir narsani alohida taʼkidlab o‘tmoqchimiz: Agar biror shaxs abituriyentlarga bu yilgi test savollarining javobini olib beraman, deb vaʼda bergan bo‘lsa, bunday shaxslarga ishonmaslik kerak. Yoshlarimiz oson pul ishlash ilinjida yurgan firibgar kimsalarning aldoviga chuv tushib qolmasin!
P.S.: Internet orqali tarqalayotgan xabarlarning hammasi haqiqiy emas. Faqatgina rasmiy manbalarga ishoning!
Bahriniso Madumarova







