Jamiyat

Olmaliqda YPX xodimiga «Qora Malibu»ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rildi

«Qora Malibu» voqeasi 28 iyul kuni Olmaliq shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida sodir bo‘lgan. O‘zini Abror Ismoilov deb tanishtirgan YPX xodimi «O‘zbektemir yo‘lmashtaʼmir» unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni haydovchi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgan.

Olmaliqda YPX xodimiga «Qora Malibu»ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rildi

 

 

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati Olmaliq shahrida YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan “Malibu” voqeasi bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berdi.

«Joriy yilning 28 iyul kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahar hududida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida M.Ulug‘bek ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.Ismoilov tomonidan “OʼZTEMIRYOʼLMASHTAʼMIR” unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan “Malibu” rusumli avtomobil haydovchisi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani sababli to‘xtatilgan.

Tekshiruv davomida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi barcha hujjatlar haydovchining yonida bo‘lgan.

Haydovchiga nisbatan MJtKning 125-moddasi 1-qismga (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan EV-21 seriyali 10-972827 raqamli elektron shakldagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Maʼmuriy bayonnomani rasmiylashtirish jarayonida YPX xodimining komandiri aloqaga chiqib, ko‘p ushlab turmasligini, haydovchiga nisbatan “xushmuomala”da bo‘lishini aytib, transport vositasini qo‘yib yuborishini aytgan. Shundan so‘ng haydovchi harakatni davom ettirgan.

Ushbu holatda (ratsiya orqali bog‘langan) 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablarini buzgani uchun intizomiy jazolandi», deyiladi rasmiy maʼlumotda.

Maʼlumotnomada inspektor Abror Ismoilov bo‘yicha maʼlumot yo‘q, shuningdek, avtomobil salonida o‘tirib, u bilan savol-javob qilganning ham, inspektorga telefon qilib, buyruq berganning ham shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

Olmaliqda YPX xodimiga «Qora Malibu»ni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rildi | Zamon.uz