Zominda bugun ham yong‘in yuzaga keldimi?
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Zomin tog‘lari yana tutunga burkanayotgani aks etgan video lavha tarqaldi.

Holat yuzasidan Zamon.uz Jizzax viloyati FVB matbuot rahbari Farrux Abdurahmonov bilan bog‘landi. Xodimning maʼlumot berishicha, bugun Zominda hech qanday yong‘in holati qayd etilmagan. Kuni kecha olov ichida qolgan hududlarda shaxsiy tarkib tozalash ishlarini olib boryapti. Qolaversa ayni manzil 24 soatlik nazoratga olingan.
“Videoga keladigan bo‘lsak kecha yuzaga kelgan yong‘in qoldiqlari bugun ham tutamoqda, bu tabiiy holat”,- deydi Jizzax viloyati FVB matbuot rahbari.
Maʼlumot o‘rnida kecha, 1 avgust kuni Jizzax viloyati Zomin tumani “Duoba” QFY O‘riklisoy qishlog‘i hududidagi dala maydonida yong‘in sodir bo‘ldi. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga soat 10:40 larda yong‘in haqida xabar tushgan.
Yong‘in joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi hamda 24 nafar shaxsiy tarkib yuborilgan.
Soat 14.30larda esa Zominda yomg‘ir yog‘ishni boshlagan va yong‘in bartaraf etilgan.







