Abituriyentlar imtihonga kirishdan oldin nimalarga eʼtibor qaratishlari kerak?
Oliy taʼlimga kirish imtihonlari oldidan har qanday abituriyentni qo‘rquv va hayajon bosishi, shubhasiz. Hatto, baʼzi bir o‘quvchilarning tomog‘idan ovqat tugul suv ham o‘tmay qoladi. Ammo bunday holatlarni oldini olish va yengishga qarshi bir necha sinalgan usullar borki, ular imtihonga kirgan har bir o‘quvchiga yordam beradi:


1. Eng avval o‘zingizda imtihon savollariga tayyor ekaningizga ishonch hosil bo‘lsin!
2. Imtihonga kirishdan oldin to‘yib uxlang. Ko‘pchilik yoshlar tayyorgarlik ko‘raman, deb imtihondan bir kun avval kechasi bilan “shpargalka” yozib chiqishadi. Bu noto‘g‘ri. To‘yib uxlamaslik miya faoliyatining yomon ishlashiga olib keladi.
3. Ovqatlanish rejimiga qatʼiy amal qiling. Imtihon o‘tgunga qadar qovun-tarvuz, meva-chevalardan nafsingizni tiying.
4. Miyani faollashtirish uchun yong‘oq isteʼmol qiling.
5. Imtihonga kirishdan avval yengil hazm bo‘ladigan taomlar tanovvul qiling. Och kirmang. Chunki qorin och bo‘lsa, miya sust ishlaydi.
6. Imtihon kuni va imtihonga kirishdan oldin zinhor odatdagidan ko‘p kofe yoki choy icha ko‘rmang. Hammasi meʼyorida bo‘lsin.
7. Imtihonga kirishdan oldin tanani bo‘shashtiradigan mashq bajaring! Miyangizga “Men tinchman, judayam xotirjamman” kabi buyruqlar bering va o‘zingizni tinchlantiring.
8. O‘zingiz bilan birga suv olish yodingizdan chiqmasin!
9. Imtihonga bosh kiyim bilan kirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, OTMlarga kirish test sinovlari 5-avgustdan boshlanadi. Test sinovlari qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi: 1-smena 07:00 da, 2-smena 19:00 da boshlanadi.
Bahriniso Madumarova







