Ayrim viloyatlar gulchilikka ixtisoslashtiriladi
“Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yana-da rivojlantirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l tumanlarini, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod tumanlarini hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlarini gulchilikka ixtisoslashtiriladi.
Shuningdek, gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga dehqon xo‘jaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibida ajratiladi.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning kamida 10 foizi gulchilik loyihalarini tashkil qilish uchun ajratiladi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga ochiq maydonda hamda issiqxonalarda gul yetishtirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘rgatish maqsadida Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlarida har birining maydoni 2 sotix bo‘lgan 25 ta “Gulchilik o‘quv poligon”larini tashkil etish uchun 0,5 gektar yer maydoni tashabbuskor tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi.
“Gulchilik o‘quv poligon”larida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va maxsus sertifikat olgan ishsiz, ehtiyojmand oilalarga gul va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish maqsadida 6 sotixdan yer maydoni elektron onlayn-auksion (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda) yoki ochiq elektron tanlov (qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda) orqali ijaraga beriladi.
Uch oy muddatda Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan gul yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida “Gulchilikka o‘qitish markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi “Gulchilikka o‘qitish markazi”ga Niderlandiya qirolligi, Turkiya Respublikasi va Tailand qirolligidan jalb qilinadigan malakali mutaxassislarning O‘zbekistonga kelib-ketish va yashash xarajatlarining 50 foizini Yevropa Ittifoqining “Byudjetni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida agrosanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplab berish choralari ko‘riladi.







