Ekopartiya prezidentlik saylovidagi nomzodini eʼlon qildi
Ilk marta O‘zbekiston prezidentligi saylovida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida maʼlum qilindi.


Qayd etilishicha, prezident saylovida Ekopartiya tomonidan partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov nomzod sifatida qatnashadi. Navbatdan tashqari plenumda Narzulla Oblomurodov ham so‘zga chiqdi.
Plenumda Ekopartiya saylovda o‘z elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda munosib ishtirok etishi taʼkidlandi. Shuningdek, Ekopartiyaning saylovoldi platformasidagi quyidagi asosiy yo‘nalishlar maʼlum qilindi:
-
ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish;
-
atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlar yaratish;
-
iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini yana-da rivojlantirish;
-
davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish;
-
sog‘liqni saqlash, taʼlim, ilm-fan va madaniy-maʼrifiy sohalarni yana-da rivojlantirish;
-
tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Maʼlumot uchun, Ekopartiya 2021 yilgi O‘zbekiston prezidenti saylovida birinchi bo‘lib o‘z nomzodini ko‘satdi. Saylov 24 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Unda faqat siyosiy partiyalar o‘z nomzodini ko‘rsata oladi.







