“Ayolim menga xiyonat qildi”
Oila yuraklar tutashgan kichik bir vatandir deb bejiz aytmaydilar. Biroq bu kichik vatanni xiyonat bilan barbod qilish, oilani azob iskanjasiga tashlash buguni kunda oddiy holga aylanib qoldi. Hech bir odam yostiqdoshi xiyonatiga chiday olmasa kerak. Bugungi qahramonlarimiz bizga o‘zlarining ana shunday dardlariga malham izlab murojaat qilgan.

Hamidullo Saidov:
—Oilaviy sharoitimiz sabab Rossiyaga ishlash uchun ketdim. Uch oydan so‘ng xotinim menga yordam berish uchun oldimga keldi. 10 oy men bilan birga ishladi. Men tunda, u kunduzi ishlardi. Bir-birimiz bilan gaplashishga deyarli vaqt topolmasdik: u ishga ketayotganida men tungi smenadan qaytardim, dam olib yana ishga ketayotganimda u kelardi. Shu alfozda 3 oy ishladik. Keyin birdan u o‘zgara boshladi. Arzimagan narsadan janjal chiqaradigan bo‘ldi. Ishlagan pulimizni birga yig‘ar edik. O‘zim yig‘aman, deb topgan pulini bermay qo‘ydi. Men bir oilamiz-ku, topganimiz o‘rtada bolalar uchun edi-ku desam ham unamadi. Keyin bir kun opam menga “Sen tungi smenaga ishga ketganingda xotining uydan ishim bo, deb chiqib ketadigan odat chiqardi”, deb qoldi. Ertasi kuni xotinimdan qayerda eding, deb so‘rasam yana janjal chiqardi. Siz bilan yashashni istamayman, qarindoshimni uyida turaman, deb uydan chiqib ketdi.
—Qarindoshining uyiga bordingizmi qidirib?
—Ha, bordim. Chunki shubham bor edi. Ular biz yashayotgan joydan unchalik uzoq emas edi. Sankt-Peterburgning markazida turishardi. Telefonini qo‘lidan yulib oldim. Unda begona erkak bilan quchoqlashib tushgan suratlar bor ekan. Izoh so‘raganimda menga ilojsizlikdan begona erkak bilan yashayotganini tan oldi. Katta janjal bo‘ldi. Men bo‘lib o‘tgan hamma gap-so‘zlarimizni videoga oldim. Yurtimga qaytib sudga ariza berdim. Sudga o‘sha videoni taqdim etdim. Sud ayolimni Rossiyadan qaytmaguncha ajratmasligini maʼlum qildi va olti oy muddat berdi. Muddat kelganida ayolim Rossiyadan keldi. Ungacha men boshqa ayol bilan shaʼriy nikoh o‘qitib yashay boshladim.
—Bu vaqtda farzandlaringiz qayerda edi?
—Biz Rossiyada yashayotganimizda farzandlarim xotinimning onasida edi. Men O‘zbekistonga qaytib kelganimdan so‘ng o‘zim bilan olib ketdim. Endi ularni mendan olib qo‘ydi. Farzandlarimni qaytarishda yordam bering
Amrullo Axmedov, huqushunos:
—Hujjatlar bilan tanishib chiqdim. Unda faqat nikoh bilan bog‘liq sud jarayonlari, yaʼni birinchi instansiyaning hal qiluvchi qarori va apellyatsiya ajrimi turibdi. Birinchi instansiya sudi Hamidillojon taqdim etgan ariza va hujjatlarni asos qila olmayapti.
Apellyatsiya jarayonida fuqaro ikkinchi ayolga uylangani va o‘sha ayolning 18 haftalik homilasi borligi asos qilib olinyapti. Shu bilan birinchi oila batamom barbod bo‘lgan, degan xulosaga kelinyapti va nikohdan ajratyapti. Biz sudning hal qiluvchi qarorini muhokama qilolmaymiz. Hal qiluvchi qaror qabul qilingan va kuchga kirgan. Agar fuqaroning bu qaror yuzasidan eʼtirozi bo‘lsa, faqat kassatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin. Murojaatchi ayolini faqat menga xiyonat qildi, deb ayblab, farzandlarini undan olib qo‘ya ololmaydi. Farzandlar qonunan onasida qoladi. Otasi bolalarini ko‘rib turishi uchun davo arizasi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Latifa, Hamidulloning rafiqasi:
—Erimning hamma gapi yolg‘on. Men hech qachon unga xiyonat qilmaganman. U meni Rossiyaga olib borib xor qildi. Men ishlab topgan pullarimni tortib olib, o‘z ehtiyojiga sarf qildi. Hozirgi yashab yurgan ayoli bilan Rossiyada tanishgan. Buni bilib qolib, janjal qilganimda meni uydan haydab chiqardi. Mening ko‘rganlarimni hali hech bir ayol ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Sudda ham u menga nisbatan aytgan tuhmatini isbotlay olmadi. Men hech kim bilan uchrashib yurmaganman. Hozir farzandlik bo‘ldi, o‘sha bolasini katta qilaversin, mening farzandlarimga tegmasin. Alimentga berganim uchun to‘lagisi kelmay menga bo‘hton yog‘dirib yuribdi.
G‘isht qolipdan ko‘chgan. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Bu yog‘iga adovat bilan emas, aksincha, farzandlarga mehr-muhabbat berib yashash kerak. Shundagina farzandlar komil inson bo‘lib voyaga yetishadi. Bugugni hikoyamiz kimgadir hikmat, kimgadir ibrat bo‘lib xizmat qila olsa xursandmiz. Oila - muqaddas qo‘rg‘on, uni asrash esa o‘zimizning qo‘limizda.







