2021-2022 o‘quv yillaridan bepul mobil bolalar bog‘chasi tashkil etiladi
Maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida zamonaviy qayta jihozlangan ISUZU HC40 avtobuslarida mobil guruhlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur guruhlar taʼlim-tarbiya jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, o‘quv-uslubiy, didaktik materiallar bilan taʼminlanadi. Shuningdek, bolaning aqliy salohiyatini oshiruvchi o‘yinchoqlar, milliy madaniy-tarixiy boylik aks etgan badiiy adabiyotlar bilan ham boyitiladi.
Bu bog‘chalarda bir haftada yetti yarim soatdan kam bo‘lmagan dars jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorni joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarning 16 ta tumanida amalga oshiriladi.
Mobil guruhlarda xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.
Qabul uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
— ariza;
— ota-ona pasporti nusxasi;
— tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasi;
— bolaning 2 dona fotosurati;
— bolaning salomatligi to‘g‘risida tibbiy xulosa.
Maftuna REJABBAYEVA







