Namanganda “moyka” xodimi yuvish uchun qoldirilgan Malibu‘ni olib qochdi
Namangan shahrida mashina yuvish shoxobchasidagi Malibu o‘g‘irlab ketildi, deya xabar qilmoqda Tergov departamenti matbuot xizmati.


Qayd etilishicha, 2021 yilning 2 avgust kuni soat 14:30 larda Namangan shahrida joylashgan avtomobillar yuvish shoxobchasida ishchi bo‘lib ishlovchi 18 yoshli O.A. yuvish uchun qoldirib ketilgan 25 yoshli A.A.ga tegishli bo‘lgan Malibu rusumli avtomashinani avvaliga yuvib, so‘ngra nomaʼlum tomonga boshqarib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida Malibu rusumli avtomashina Davlatobod tumani “Porloq” mahallasi hududidan texnik soz holda topilgan.
Hozirda O.A.ni ushlash choralari ko‘rilmoqda.







