Navoiydagi zapravkada Labo yonib ketdi
Navoiy shahrida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarining birida Labo rusumli avtomobil yonib ketdi, deb xabar beradi FVV matbuot xizmati.


Maʼlum qilinishicha, 6 avgust kuni soat 09:21 da shaharning “Kimyogar” MFY Amir Temur ko‘chasida joylashgan «Zarafshon Fayz Oil» MJCHga qarashli shoxobchada yonilg‘i quyib chiqish vaqtida Labo rusumli avtomobilda yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘inni o‘chirishga 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan. Yong‘in soat 09:23 da o‘rab olinib, soat 09:25 da batamom o‘chirilgan. Yong‘in natijasida avtomobilning motor, salon, kuzov qismlari va avtomobil shinalari yongan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.







