Talab yuqori dori vositalarini qimmat narxda sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Ohangaron shahrida pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarining qimmat narxlarda sotilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DBQning Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar S.A. va D.X.lar pandemiya sharoitida aholining isteʼmol talabi yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda o‘tkazish orqali daromad orttirishni ko‘zlagan. Ular xorijda ishlab chiqarilgan 7 xil turdagi, jami 2 098 quti “Geparin”, “Enoksaparin”, “Seftrakson”, “Favipiravir”, “Remdesivir”, “Bakterazon” va “Deksametazon” nomli dori vositalarini xaridorga 160 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Baholash ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining umumiy narxi 80,3 million so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







