Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda videosi tarqalgan uysiz ayolning yolg‘oni fosh bo‘ldi

Toshkentda uysiz ayol 7 yoshli qizchasi bilan ko‘chada yashayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach Toshkent shahar IIBB voqeaga oydinlik kiritish uchun ayolni Yunusobod tumanidan izlab topdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda videosi tarqalgan uysiz ayolning yolg‘oni fosh bo‘ldi

 

 

“Biz ko‘rganimizda ahvoli qoniqarli emas edi.  Chunki hamma narsani aravaga ortib olgan, tushkun kayfiyatda bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, ko‘chada qoldim, uy-joyim yo‘q, deya ayolda odamlarni rahmini keltirish fikri uyg‘ongan”, — deydi Yunusobod tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Ibrohimova.

 

Shu kuni ayol va uning qizi yotoqxonaga joylashtirildi. Ona bolaning  nega bunday ahvolga tushib qolganiga o‘rganishlar davomida  aniqlik kiritildi. Maʼlum bo‘lishicha 38 yoshli ayol Namangandan Toshkent viloyatiga kelin bo‘lib tushgan. Parkent tumanida turmush o‘rtog‘i tomonidan olib berilgan uyi bor bo‘lib, uyda qizi va o‘zi yashab kelgan. Ayol videoda turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tganini aytadi. Ammo haqiqat aslida boshqacha bo‘lib chiqdi. Ayol turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan va qizchaning otasi bolasi uchun aliment puli to‘lab keladi. 

 

Achinarlisi qizcha yashash  uyi bo‘la turib onasining xohishiga ko‘ra ko‘chada yashashga majbur bo‘lgan. Aslida 7 yoshli qizaloq  ayni kunlarda  tengdoshlari qatori maktabga chiqishga tayyorgarlik ko‘rishi lozim edi.

 

“Oila kodeksining 71 moddasiga asosan ota-ona bolaning sog‘ligi va taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor berishi kerak. Bu ayolning qizchasi 7 yoshda. U maktabga jalb etilishi kerak. Qizchaning hujjatlari hech bir maktabga topshirilmagan. Ayol yana shunday yurishda davom etib, odamlarni rahmini keltirib, farzandidan foydalansa bolani onadan olib qo‘yib, vaqtincha bolalarni ijtimoiy himoya qilish va ko‘maklashish markaziga joylashtiramiz. Bolaani olib qo‘yish huquqiga egamiz”, — deydi Yunusobod tumani Vasiylik va hokimlik organi mutaxassisi Muhlisa Qosimova. 

 

Shu kunning o‘zida ayolning singlisi va ukasi uni Namanganga olib ketish uchun yetib kelishdi. Ularning aytishicha Ona va bolaning Namanganda o‘z ota uyida yashashlari uchun barcha sharoit yetarli. Shu kunning o‘zida ayol singlisi va ukasi tomonidan Namanganga olib ketildi. Ammo oradan ikki kun o‘tib, u qizchasini ota-onasiga qoldirib, yana negadir Toshkentga qaytib keldi.

 

 Ayol poytaxtga pul topish hamda bu orqali yaqinlariga yordam berish maqsadida qaytib kelgani aytdi.

 

         “Ayol bilan yana suhbat o‘tkazildi. Unda jamoat joylarida tilantilik bilan shug‘ullanmaslik bo‘yicha javobgarlik borligi tushuntirildi va rasmiy ogohlantirildi. Shundan holatlar bo‘ldiki, ijtimoiy tarmoqlarda bu video tarqalganidan so‘ng odamlar yolg‘on maʼlumotga ishonib, bu fuqaroga moddiy mablag‘lar, telefon, hattoki, 1 xonali uy olib berish taklifini ham bildirgan” — deydi Toshkent shahar IIBB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Xo‘janazarova.   

 

         Hurmatli fuqarolar! Har bir videolavhani olishdan avval mutasaddi tashkilot vakillari bilan hamkorlikda ish olib boring. Yolg‘on maʼlumot tarqatishdan ogoh bo‘ling!

Ijtimoiy tarmoqlarda videosi tarqalgan uysiz ayolning yolg‘oni fosh bo‘ldi | Zamon.uz