Jamiyat

XDPdan prezidentlikka nomzod tayinlandi

O‘zbekiston prezidentlik saylovida Xalq demokratik partiyasi tomonidan Maqsuda Vorisova nomzod sifatida ishtirok etadi. Bungacha Ekopartiya, “Adolat” va «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi ham o‘z raisini prezidentlik saylovida nomzod sifatida tavsiya etgandi.

XDPdan prezidentlikka nomzod tayinlandi

 

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 7 avgust kungi navbatdan tashqari plenumida 2021 yilgi prezidentlik saylovida Maqsuda Vorisovani nomzod sifatida ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.

 

Plenum davomida Maqsuda Vorisova nomzodi partiya qurultoyida nomzod sifatida ilgari surish taklifi bildirildi. So‘zga chiqqanlar bu taklifni bir ovozdan maʼqulladi.

 

M.Vorisova 1961 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1984 yili Toshkent meditsina institutini tugatgan. Ko‘p yillar davomida sog‘liqni saqlash tizimida, shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Senat aʼzosi, Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat yuritgan. 

 

O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Saylovlarda 5 ta partiya – “Adolat” SDP, «Milliy tiklanish» DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. Saylov 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. 

 

Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini maʼqullashi, Respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.

 

Bundan oldinroq, Ekopartiya prezidentlik saylovi uchun partiya raisi Narzulla Oblomurodov nomzodini, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi partiya siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov nomzodini, «Milliy tiklanish» partiyasi partiya rahbari Alisher Qodirov nomzodini tavsiya etgandi.

XDPdan prezidentlikka nomzod tayinlandi | Zamon.uz