O‘zbekistonda qancha ayol aliment to‘laydi?
O‘zbekiston bo‘yicha 2300dan ziyod ayol aliment to‘lashi maʼlum qilindi Respublika bo‘yicha 2364 nafar ayol sud qarorlariga muvofiq farzandining taʼminoti uchun aliment to‘lamoqda, deb maʼlum qildi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burhonov.

“Sud bola otasi bilan qolishi haqida qaror chiqargan taqdirda, onalarni farzandlari voyaga yetgunga qadar ularning moddiy taʼminoti uchun aliment to‘lashga majburlaydi. Ayni paytda O‘zbekistonda 2364 nafar ayol aliment to‘lamoqda.
Sud qarorlariga ko‘ra, ayollar alimentni sobiq turmush o‘rtoqlariga to‘lashadi”, - dedi MIB huquqiy taʼminlash va xalqaro huquqiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasimxon Burhonov 6 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
MIB mulozimining maʼlumot berishicha, byuro xodimlarining saʼy-harakatlari bilan 2021 yil boshidan buyon 11 400 nafar er-xotin yarashgan.







