Balkondagi juftlik aslida kim edi?
Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Qalampir.uz internet nashrining jurnalisti F.Najmitdinovani shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi montaj qilingan va yolg‘ondan iborat videolavha tarqatilib ijtimoiy tamoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lgan.


IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov mazkur ish yuzasidan surishtiruv jarayonlari bo‘yicha maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida, balkonda tasvirlangan odamlar ikki farzandli, rasmiy nikohdagi oila, er-xotin, chet el fuqarolari bo‘lib, Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, mazkur xonadondan rasmiy ijarada foydalanishgan. Ular tomonidan hech qanday qonun buzilish holatlari aniqlanmagan. Ushbu oilaning shaxsiy hayoti tasvirlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga sababchi bo‘lgan fuqaroning harakatlari huquqiy baholanadi.
Videolavhani yasab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali jurnalistni obro‘sini to‘kishga harakat qilgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139 moddasi 3 qismi, “g” bandi hamda 141 prim 2-moddasi 2 qismi, “v” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, xabarda ish yakuni bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq axborot berilishi aytilgan.







