Firibgar Fargʻonadan topildi
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida virtual firibgarlik va oʻgʻirlik jinoyatlari haqida koʻplab targʻibot va tashviqot ishlari olib borilishiga qaramasdan, oson daromad va boylik orttirishni maqsad qilgan ayrim fuqarolarimiz bila turib, yana shunday ishga qoʻl uryapti.

Natijada, firibgarlar toʻriga ilinmoqda. Yaqinda nomaʼlum shaxs telegram ijtimoiy tarmogʻidagi “Agrobank INFO” kanalidan foydalanib, Shofirkon tumani Pashmon mahallasida yashovchi Sh.I. ning profiliga “Agrobankmobile” ilovasi orqali unga 1 million 417 ming soʻm miqdorida yutuq taqdim qilinganligini aytib, uni ishontiradi. Bu haqda Buxoro viloyat IIB xabar bermoqda.
Soʻngra ushbu pullarni yechib olishi uchun oʻzining profiliga Sh.I. ning plastik kartasi hamda telefon apparatidagi “clisk” kodini olishga erishadi. Tabiiyki, plastik kartasi hisob raqamidagi 759 250 soʻm pullarni avval yechib oladi. Soʻngra “Agrobankmobile» ilovasi orqali tegishli tasdiqlash kodlarini olishga erishib, Sh.I. ning nomiga 1 million 417 ming soʻm miqdorda mikroqarz olib, pullarni karta hisobidan yechib, firibgarlik jinoyatini sodir etadi.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, kechiktirib boʻlmas tezkor surishtiruv va tergov harakatlari olib borildi. Surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Fargʻona viloyati Rishton tumani Buloqboshi mahallasida yashovchi, 1999-yilda tugʻilgan M.S. ismli shaxs sodir qilganligi aniqlandi va zudlik bilan qoʻlga olindi.
Hozirda ushbu shaxsning viloyatning boshqa hududlari, qolaversa, respublikamiz boʻylab boshqa shu kabi sodda fuqarolarga nisbatan ham firibgarlik yoki oʻgʻrilik jinoyatlarini sodir qilgan-qilmaganligini aniqlash yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Peshku tumanida ijtimoiy tarmoq orqali oʻgʻirlik qilgan hamda sohta xayoriya uyushtirib, 11 million soʻmni oʻzlashtirgan yigit haqida xabar berilgandi.







