Inson taqdirini oldindan aytish mumkinmi?
So‘nggi vaqtlarda inson taqdirini bashorat qiluvchilar ko‘payib bormoqda.

Baʼzi soddadil odamlar yulduzlar joylashuviga qarab kelajagini belgilash mumkinligiga ishonishadi. Folbinga borib yo‘qolgan puli yoki biror qimmatbaho buyumiga fol ochtiradi. Hayotning past-balandiga bardosh berolmay turmushini, taqdirini izga solish uchun soxta bashoratlarga ishonishadi. Bu bilan o‘zlari bilmagan holatda ularning tegirmoniga suv quyishadi.
Inson hayotidagi o‘zgarishlar aslida yulduzlar almashuvi sababli emas, balki Allohning taqdiri, inon-ixtiyori bilan bo‘ladi.
Baxtiyor Karimov, folbin:
—Men Xiromantman, buning uchun 15 yil o‘qiganman. Odamlarning taqdiri, o‘tmishi va bugunini oldindan ko‘ra olaman.
—Odam taqdirini nimalarga qarab belgilaysiz?
—Kitoblarga, qo‘l chiziqlariga qarab to‘g‘ri yo‘l ko‘rsataman. Har bir odam qo‘lida 12 ta chiziq bor. Odamlarga ularning atigi 3 tasi ko‘rinadi. Qolgan 9 tasini faqat biz folbinlar ko‘ra olamiz.
—O‘zingizni qo‘lingizga qarab turib ham taqdiringizni ko‘ra olganmisiz?
—Ha, ko‘ra olaman, bilaman. Kaftida 3 ta chiziqchasi bor odamlar baxtli bo‘lishadi, 2 ta chiziqchasi borlar esa baxtsiz. Undan tashqari shanba va yakshanba kunlari tug‘ilgan yoshlar nikohlansa, bir umr baxtsiz yashashadi.
Shuningdek, men chaqaloqlarni haftaning qaysi kuni tug‘ilganiga qarab kelajakda kim bo‘lishini ayta olaman.
—Masalan?
—Masalan, dushanba kuni imomlar, xudojo‘ylar tug‘iladi.
Seshanba kuni esa harbiylar, qahramonlar tug‘iladi.
Chorshanba kuni savdogarlar, tadbirkrorlar, ishbilarmonlar tug‘iladi.
—Men chorshanba kuni tug‘ilganman, ammo tadbirkor emasman, buni qanday izohlaysiz?
—Tadbirkor bo‘lmaganingizning sababi shundaki, sizning sayyorangiz merkuriy. Demak sizni merkuriyga bo‘yingiz , bastingiz, jismingiz mos emas. Agar merkuriy bilan hamma jismoniy aʼzolaringiz to‘g‘ri kelsa, o‘shanda tadbirkor bo‘la olasiz.
—Mijozingiz kaftlaridagi chiziqlarga qarab ularni baxtsizlik kutayotganini qanday aytasiz. Ruhitini sindirib qo‘yishdan qo‘rqmasysizmi?
—Albatta, buni darhol yuziga aytmayman, aksincha, yumshoq qilib aytaman. Masalan, seni ko‘ngilsizliklar kutyapti deyman.
—Suhbat boshida siz uch o‘g‘ilni uylik-joylik qildim dedingiz, kelinlaringizni ham kaftiga qarab kelin qildingizmi, shanba va yakshanba tug‘ilganiga eʼtibor berdingizmi?
—Avvaliga shanba, yakshanba kuni tug‘ilganlarni kelin qillmaslikka xarakat qildim. Ammo taqdir ekan, ikkita kelinim ham shanba kuni tug‘ilgan.
—Baxtlimi?
—Ha ,baxtli
Mahmud Ergashev, psixolog:
—Folbinlar chap qo‘l o‘tmish, o‘ng qo‘l kelajak deyishadi. Ular chiziqchalarga qarab fol ochishadi, biroq bu chiziqchalar o‘zgarishi ham mumkin .
Odam hayoti davomida nimaga ishonsa va eʼtibor bersa o‘sha narsa ko‘z olidida paydo bo‘laveradi. Ular odamlarning taqdirini oldindan aytib, ularni badtar vahimaga tushirishadi. Masalan, kuni kecha qabulimga bir ayol keldi. Juda qattiq stress holatda edi. Men psixolog sifatida sababini surishtirdim. Aytishicha erining uyga kech kelishiga sabab uning hayotida boshqa ayol borligi ekan. Buni unga folbin aytgan emish. Mana sizga oddiy misol, biroq bu kabi holatlar sababli qanchadan-qancha oilalar buzilib ketayotgani achchiq haqiqat.
Abdurasul Shokirov, Toshkent tumanidagi “Xolmuhammad ota” jome masjidi imom xatibi:
—Folbinlik bu — g‘aybni oldindan bilish. U gunohi kabira sanaladi. Hadislarda kim sehr-jodu qiluvchi va folbinlarning gapirgan gaplarini tasdiqlasa, ularning so‘zlariga ishonsa, islom diniga kufr keltirgan bo‘ladi, deyilgan. Inson taqdirini Ollohdan boshqa hech kim bilmaydi. Odamlar juda g‘alati, boshiga bir qiyinchilik tushsa, negadir darrov folbinga chopadi. Go‘yoki ular shu muammoni hal qilib beradigandek. Bu ilmsizlikdan boshqa narsa emas. Agar boshimizga kulfat kelsa, bilingki bu Ollohning sinovi. Xuddi shunday yaxshilik kelsa ham Ollohning sinovi. Bunday odamlarga gapim bitta: tanangiz, jismingiz o‘zingizga bo‘ysunib turgan vaqtda istig‘for ayting, tavba qiling, Ollohdan kechirim so‘rang. Oilaning, insonning baxtli bo‘lishi faqat Ollohning irodasi bilan bo‘ladi, shuni unutmang.
Munojat Valiyeva







