Jizzaxda it ovlov brigadasi 7 ta uysiz itni otib tashladi
Telegram‘dagi kanalda «Daydi itlarga kim chora ko‘radi?» sarlavhasi ostidagi murojaat eʼlon qilingan. Holat yuzasidan izoh berildi.


Murojaatda «‘Olmazor‘ MFYda daydi itlar ko‘payib ketgan, bir yoki ikkita bo‘lsa ham tushunish mumkin, o‘ntalab itlar daydib yuribdi, kimdir chora ko‘radimi?» deya eʼtirozlar bildirilgan.
“Ekolog.uz” Telegram kanalining maʼlum qilishicha, ushbu holatdan keyin, 8 avgust kuni tonggi soat 05:00 da daydi itlar Obodonlashtirish boshqarmasi it ovlov brigadasi tomonidan “Olmazor” MFY hududidagi 7 ta uysiz it otib o‘ldirilgan.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga ko‘ra (hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) quyidagicha tartib mavjud:
«Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek, hayvonlarni qiynash — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi».
Xabarda qayd etilishicha, brigada harakati qonunga zid.
«Qonunchilik esa Obodonlashtirish xodimlari uchun ishlamaydi yoxud tegishli emas, shekilli. Vaholanki, ular itlarni urmasdan, qiynamasdan tutib, 5 kun saqlashlari va veterinariya ko‘rigidan o‘tkazishlari lozim. Ammo Telegram kanalimizga kelayotgan xabarlarga qaraganda, respublikamizdagi aksariyat ‘otlovka‘ xodimlari itlarni tutib, go‘shtga sotishmoqda. Albatta, bu haqdagi aniq faktlarni keyinchalik kanalimizda beramiz.
Bugungi kunda jonivorlarga mehrli, ularni asrashga bel bog‘lagan ko‘plab fuqarolarimiz nomidan hurmatli Prezidentimiz, Ekologik partiya rahbariyatidan Obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi, bugungi kunda joni bor hayvon emas, aksincha, chiqindi sifatida qaralayotgan daydi it va mushuklarni tutuvchi mexanizatsiyalashgan brigadalar maqomini o‘zgartirib, ‘otlovkaʼlarni priyutlarga aylantirish, jonivorlarni haqiqatan veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib davolash, ekoko‘ngillilarga jonivorlarni parvarishlashga ruxsat berish, ular 5 kundan keyin o‘ldirilmay, aksincha, it va mushuk boqish istagida bo‘lganlarga tarqatish, shuningdek, respublika bo‘ylab yashayotgan daydi it va mushuklarni sterillash va emlashni davlat hisobidan amalga oshirishni so‘rab qolar edik», — deyiladi xabarda.







