Jurnalistlar OKMK faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga press-tur tashkil etildi.


Dastlab OAV vakillari va blogerlar kombinatning 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan muzeyni tomosha qildi. Mutaxassislar tomonidan konchilik tarixi, yillar davomida turli tarmoqlarda olib borilayotgan ishlar va erishilgan natijalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Navbatdagi manzil kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjirining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan Qalmoqqir karyeri bo‘ldi. Mazkur obyekt juda qulay geografik va iqtisodiy sharoitga ega Olmaliq-Angren sanoat mintaqasida joylashgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, karyerning qurilishi 1954 yilda boshlangan, 1959 yil 1 iyulda esa Qalmoqqir konidan ilk marotaba maʼdan yuklandi. O‘sha vaqtdan beri belgilangan ko‘rsatkichlar muntazam bajarilib kelinmoqda.
Hozirgi vaqtda karyerning uzunligi - 4000 m, kengligi - 2000 m., karyerning eng yuqori nuqtasi - 925 m., eng pastki nuqtasi - 370 m.

2020 yilda Qalmoqqir konidan rejalashtirilgan 28 920 000 m3 tog‘ jinslari qazib olingan bo‘lsa, 2021 yilga kelib ushbu reja ko‘rsatkichi 1 472 000 m3 oshirildi va 30 392 000 m3 qilib belgilandi.
Press-tur davom etmoqda.







