Jamiyat

Toshkent viloyatida yuridik universitetga 18 ming dollar evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs va sobiq o‘qituvchi ushlandi

Toshkent viloyatida abituriyentni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilib, xizmati evaziga 18 ming dollar olgan 26 yoshli shaxs ushlandi, deb xabar beradi O‘zA.

Toshkent viloyatida yuridik universitetga 18 ming dollar evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs va sobiq o‘qituvchi ushlandi

 

 

Maʼlum qilinishicha, DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda ushbu shaxs pullarni 27 yoshli Toshkent davlat pedagogika universitetining sobiq o‘qituvchisiga berishi kerak bo‘lgani aniqlangan va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

 

Shuningdek, 1983 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Toshkentdagi universitetlardan birining kafedra mudiri boshqa bir shaxsdan uning tanishini yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilib, undan 10 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan.

 

Bundan tashqari, DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyatdagi institutlardan birining 28 yoshli talabasi mahalliy fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgani aniqlangan. Mazkur shaxs fuqarodan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Talaba ushbu pullarni o‘zi tahsil olayotgan institutning sirtqi bo‘limi bosh mutaxassisi, 1989 yilda tug‘ilgan shaxsga berishi kerak bo‘lgan. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, u ham 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatida yuridik universitetga 18 ming dollar evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs va sobiq o‘qituvchi ushlandi | Zamon.uz