Imkonsizlikdan imkon topgan qizaloq
Bugun hayotimizning har jabhasida turfa taqdirlar va qiyofalarga duch kelamiz. Kimdir nolisa, kimdir omadi chopmagani, imkonsizligi, faqirligidan noliydi.

Ammo oramizda shunday insonlar borki, taqdir unga katta sinov bergan bo‘lsa-da, imkonsizligini bila turib, imkon qidiradi. Umid g‘unchalarining gullashini kutadi. Orzulari ushalishiga ishondi. Maqsadni aniq qo‘yib, harakat qiladi. Imkoniyati cheklangani uning intilishlari va iqtidorini namoyon etishiga aslo to‘sqinlik qilolmaydi.
“Inson qanday qiyinchiliklarga duch kelmasin, u faqat olg‘a intilsagina o‘z maqsadlariga yetisha oladi.” — Bu 14 yoshli Ruhshona O‘ktamovaning hayotdagi shiori. Ruhshona Chust tumanining Yor qishlog‘ida tavallud topgan.U tug‘ilgan yili qish juda qattiq keladi. Bolani issiq saqlash ilinjida uyga sandal qurishadi. Endigina emaklay boshlagan qizaloq sirpanib, cho‘g‘ga tushib ketadi. Tashqarida yurgan oila aʼzolari qizaloqning yig‘i tovushini eshitmaydi. Oqibatda, oyoqlari kuyib ketadi. Muolajalarga qaramay, u ikki oyog‘idan ham ayriladi.
Taqdir uni turfa sinovlarga ro‘para qilgan bo‘lsa-da, haqiqiy iqtidor har qanday holatda, har qanday ko‘rinish va vaziyatda ham o‘z so‘zini aytishi, chegara va to‘siqlarni yorib, yuzaga chiqishiga ishonib yashadi.
Ruhshona yoshligidan sportga, badiiy adabiyot o‘qish va tikuvchilikka qiziqadi. Ikki yarim yildan beri sportning og‘ir atletika turiga boradi. 2019 yilda O‘zbekiston chempionatida faxrli 3-o‘rinni olgan. Bundan tashqari, tuman, viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
— Qishlog‘imizga shu sport turiga ixtisoslashgan sport zal ochildi. U yerga qizlar ham qatnashardi. Ularga havas qilib, men ham qatnasha boshladim. Birin-ketin musobaqalarda g‘olib bo‘lgach, qiziqishim yana-da ortdi. Bo‘sh vaqtida do‘ppi tikaman. Bir haftada bitta yoki bir yarimda do‘ppi tikaman. Bozorga olib chiqib, 30-40 mingga sotamiz. Uy ishlarida oyimga qarashib turaman. Manti, osh va turli shirinliklar pishirib turaman. Ovqat qilishda biroz qiynalaman. Ammo bir joyda, harakatsiz o‘tirishni yoqtirmayman. Men bu holatimdan xafa emasman. Muhimi, baxtli hayot kechiryapman. Orzularimga birin-ketin erishyapman. Aslida, menga shuni o‘zi eng oliy neʼmat.







