Qovun-tarvuz sotuvchilari nimadan norozi?
Internet tarmog‘ida tarvuz va qovun sotuvchisining qo‘lga olinishi tushirilgan “Navbat bechora dehqonlarga keldimi deyman” sarlavhali video tarqaldi.


Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, 2021 yil 5 avgust kuni soat 18:10 da Yangihayot tumani Tursunzoda ko‘chasidagi yo‘l chetida Shaxzod G. poliz ekinlarini sotish maqsadida terib qo‘yib, bu bilan jamoat tartibini buzgan.
Qayd etilishicha, ichki ishlar organlariga har yili iyul va avgust oylarida yo‘l harakati qatnashchilari nomidan yo‘llarda noqulaylik va xavf tug‘dirayotgan tarvuz va qovun sotuvchilariga nisbatan noroziliklar kelib tushadi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari Shaxzod G.dan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini va savdo qilish huquqini beruvchi ruxsatnomani taqdim etishini so‘raydi. Ammo fuqaro ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini mensimasdan, ularni uyatli gaplar bilan haqorat qilishni boshlagan va sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikdan qutulib qolish niyatida atrofdagilarning eʼtiborini tortmoqchi bo‘lgan.
Natijada fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194 moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirildi. Hujjatlar qonuniy chora ko‘rilishi uchun sudga topshirildi.
Sudning qaroriga ko‘ra, fuqaroning hatti-hatakatlariga Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan to‘g‘ri baho berilgan va fuqaro aybiga iqror bo‘lib tavba qilgani bois unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 34-moddasiga (“Bir necha huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy jazo qo‘llanish”) muvofiq besh kunlik qamoq ko‘rinishidagi jazo belgilandi.







