Yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tartibi eʼlon qilindi
Yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tartibi eʼlon qilindi.


O‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibi va talabi o‘zgarmaydi. Bu haqida Xalq taʼlimi vazirligi ma'lum qildi.
Xabarda vazirlik matbuot xizmati forma tartiblari to‘g‘risida quyidagilarni eslatib o‘tadi:
– o‘g‘il bola o‘quvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
– qiz bola o‘quvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi;
O‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga ogohlantirish, kundalik daftariga qayd etish, tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va taʼlim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish choralari qo‘llanishi mumkin.
Mazkur talablarga o‘quvchilar tomonidan qatʼiy amal qilinishi uchun ota-onalar masʼul hisoblanadi.
Davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.







