Antikorrupsiya agentligi soxta xodim bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi
Toshkent shahrida Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, aldov yo‘li bilan daromad qilayotgan shaxs ushlandi.

Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati
Maʼlum bo‘lishicha, M.M. ismli shaxs agentlik tomonidan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida ishtirok etib, tadbirlar yuzasidan Internet tarmog‘ida berib borilayotgan foto va videolavhalarni o‘ziga saqlab olgan. Maʼlumotlarni atrofdagilarga ko‘rsatish orqali o‘zini agentlik xodimi ekaniga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u Facebook ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, o‘zining agentlikdagi ish faoliyati to‘g‘risida yolg‘on maʼlumotlarni joylashtirib kelgan.
Qayd etilishicha, bundan jabrlangan fuqaro N.S. agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qilib, unga nisbatan qonuniy jazo ko‘rilishini so‘ragan. Holat o‘rganilganda M.M. o‘zini agentlik xodimi sifatida tanishtirib, ariza muallifiga avtomashina va uy olib berishni vaʼda qilgani va undan 11 ming dollar pul mablag‘ini aldov yo‘li bilan olgani maʼlum bo‘lgan.
Taʼkidlanishicha, holat yuzasidan Yakkasaroy tumani tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







