Arnasoy tumani hokimligi mansabdorlari 7 mlrd so‘mni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda
Jizzax viloyatining Arnasoy tumani hokimligi mansabdor shaxslari 7 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Arnasoy tumanida rejadagi 8000 gektar maydondan 1068 gektar yerga chigit ekilmagani hamda zaruriy agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmagani oqibatida 1549 gektar maydonda paxta yetishtirish imkoniyati yo‘qotilgani aniqlangan.
“Biroq tuman hokimligi mansabdor shaxslari 8000 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanayotganini ko‘rsatishib, 7 milliard 16 million so‘mlik ortiqcha imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga erishgan. Natijada juda ko‘p miqdordagi mablag‘lar o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan 30-iyun kuni Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish va 2021-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish to‘g‘risidagi” (121-son) qarori bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmasiga ko‘ra, Moliya vazirligi mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari asosida ajratiladi.







