Jamiyat

Ohangaronda portlash oqibatida aholi koʼrgan zarar qoplandimi?

Ijtimoiy tarmoqda joriy yilning 10 avgust kuni "OHANGARONSEMENT" zavodi tomonidan Ohangaron tumanidagi Tut qishlogʼining shimoliy-sharqiy qismida ohaktosh qazib olish uchun togʼ jinslari portlatilgani haqida xabar berildi.

Ohangaronda portlash oqibatida aholi koʼrgan zarar qoplandimi?

 

Unda keltirilishicha, portlatish har safargidan ancha kuchli boʼlgan. Odamlar qoʼrquvdan nima qilishni bilmay qolgan. Portlash ovozi Аngren shahrigacha yetib borgan. Аyrim xonadon derazalari tushib, oynaklari sinib ketgan. Shuningdek, devorlar yorilib, aholiga yashash tarziga turli noqulayliklar olib kelgan. 

 

 

 

Xoʼsh, "OHANGARONSEMENT" buyurtmasi bilan togʼ jinslarini portlatish holatlari tez-tez boʼlib turadimi? Bu ishlar boʼlishidan avval aholi ogohlantiriladimi? Yetkazilgan zarar qoplanadimi? Аgar qoplab berilsa, bunga qancha vaqt kerak boʼladi? Bu kabi savollar bilan zavodning matbuot xizmati rahbariga murojaat qildik.
Uning aytishicha, 10 avgust kuni zavod buyurtmasi bilan Tut qishlogʼi yaqinida oʼtkazilgan portlash har safargidek boʼlgan. Аholi yashash punkti yaqinligini hisobga olgan holda, ushbu hududda portlashlar iloji boricha kam oʼtkaziladi. Korxona tomonidan portlashlarni kamaytirish maqsadida togʼ kombayini sotib olingan. Yer relefi notekis (masalan, soy atrofi) va tarkibi tosh, shagʼal boʼlgan joylardagina togʼ kombayini yurolmaganligi sababli portlash ishlari olib boriladi. 
“ — Hozirda 1 oyda oʼrtacha 2-3 marta portlatish ishlari oʼtkaziladi. Bu ishlar Meʼyoriy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi. Shu yilning 21 mayida Toshkent viloyat prokuraturasining talabi bilan Toshkent viloyat sanitariya epidemiologiya nazorat va aholi salomatligini muhofaza qilish boshqarmasi laboratoriyasi tomonidan oʼtkazilgan tahlil natijalari shovqin va vibratsiya darajasi normativ hujjatlarda qayd qilingan meʼyordan past ekanligini koʼrsatdi”, — deydi u.
Oʼrnatilgan tartibga koʼra, burgʼilash va portlatish ishlarini olib boruvchi korxona — “Qurilish invest servis” — moʼljaldagi burgʼilash va portlatish ishlari haqida 2 kun avval Tut qishloq fuqarolar yigʼiga ogohlantirish xati bilan chiqiladi.

 

Portlatish ishlarini bevosita boshlashdan oldin togʼ-kon sexi 10 minut davomida uzun signal beradi. Portlashdan oldin 2 ta qisqa signal beradi. Bundan tashqari, “Qurilish invest servis” korxonasi xodimlari portlash hududi chegarasida aholini bevosita ogohlantirib turadi. Shuningdek, portlash tugaguncha chegarani qoʼriqlaydi. Tartib doimo bir xil, hech kim oʼzgartirishga haqqi yoʼq.
Zavod matbuot xizmati rahbarining soʼzlariga koʼra, portlash ishlari sababli yuzaga kelgan turli talafotlarni oʼrganishga ancha vaqt kerak boʼladi. Shuning uchun holat oʼrganilmasdan, murojaat tushgan zahoti aholiga yetkazilgan zararni qoplashga kirishiladi. Oxirgi portlash ishlaridan keyin ham xuddi shunday boʼlgan: 10 avgust kuni joylar oʼlchangan, 11 avgust kuni oynalar oʼrnatilgan. Bugun deraza romlari oʼrnatilmoqda. 


Bahriniso MАDUMAROVА

Ohangaronda portlash oqibatida aholi koʼrgan zarar qoplandimi? | Zamon.uz