MIB: Bolalar ona tarbiyasiga olib berildi
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi.


Oilada tinchlik-xotirjamlik, farzandlar totuvligi bo‘lsa, jamiyat ham o‘z-o‘zidan farovon bo‘ladi.
Lekin afsuski, so‘ngi vaqtlarda bo‘layotgan oilaviy ajralishlar farzandlar taqdiri hamda ularning kelgusida ota yoki ona bilan qolishlari, ta'minoti kabi og‘riqli savollarni kun tartibiga chiqarib qo‘yayotganligi hech kimga sir emas.
Sirdaryolik Sahobovlar (familiyasi o‘zgartirilgan) oilasi ham o‘n uch yil muqaddam yaxshi orzu-umidlar bilan oila qurishgan. O‘tgan vaqt oralig‘ida oilada 3 nafar farzand dunyoga kelgan.
Shunday ulug‘ ne'matga shukrona keltirish, farzandlarini har jihatdan komil insonlar etib tarbiyalash ota-onaning asosiy burchi edi. Biroq, er-xotinning kelishmovchiliklari sabab oila parokanda bo‘ldi. Farzandlar esa sarson-sargardon, aro yo‘lda qoldi. Ularning tarbiyasi, salomatligiga kim qayg‘uradi?
Shunday vaziyatda ona sudga murojaat qildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudining 06.07.2021 yildagi qaroriga asosan, qarzdor D.S.dan voyaga yetmagan farzandlari 2009 yilda tug‘ilgan O.Z, 2011 yilda tug‘ilgan N.Z, 2016 yilda tug‘ilgan A.Z.larni onaning tarbiyasiga olib berish haqida qaror qabul qildi.
Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Sirdaryo tuman bo‘limiga kelib tushgandan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, taraflarga ma'lum qilingan hamda qarzdorga ijro hujjati bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib, 3 nafar voyaga yetmagan bola onasi S.S.ning tarbiyasiga olib berildi.
Biroq endi oilada, ayniqsa, farzand tarbiyasida otaning o‘rnini kim bosadi?! Ming afsuski, uch farzand dunyoga kelguncha bir-birini tushuna olmay, oilaga ko‘nika olmayotgan bu kabi oilalar hayotda uchrayotgani achinarlidir. Nadomatli jihati shundaki, o‘rtada begunoh farzandlar sarson.
P.R.Rozimov,
Byuroning Sirdaryo tuman bo‘limi davlat ijrochisi







