Navoiyda oʼzboshimchalik bilan simyogʼochga chiqqan yigit tok urishi oqibatida halok boʼldi
Navoiy viloyati Navbahor tumani “Yangiyo‘l” mahallasida simyog‘ochga elektr qurilmalarni ekspluatatsiya qilish uchun chiqqan O.A. ismli yigit tok urishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O.A. 1-avgust kuni soat 09:30 lar atrofida elektr qurilmalarni ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablarini bajarmasdan va o‘zboshimchalik bilan tarmoqni o‘chirmasdan simyog‘ochga chiqqan.
Tarmoq “Yangiqo‘rg‘on” podstansiyasidan chiquvchi 10 kilovattli Ohunboboyev shoxobchasiga ulangan transformatordagi avtomatga ulangan. Texnik holati hozirgi kunda qoniqarli ahvolda bo‘lgan.
“Buning oqibatida kuchlanish ostiga tushishini bilgan holda ushbu ishni bajargani aniqlandi. Bu bilan xavfsizlik texnikasi qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, hodisa joyi xodimlar tomonidan o‘rganilganda xavfsizlik texnikasi va elektr uskunalarni ekspluatatsiya qilish qoidalaridan chetga chiqish holatlari aniqlanmagan.







