Kobuldagi Qozog‘iston elchixonasi faoliyatini hamon davom ettirmoqda
Qozog‘istonning Kobuldagi elchixonasi elchisi boshchiligida faoliyat yuritmoqda. Hozirga qadar xodimlarning bir qismigina mamlakatga jo‘natilgan.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi vakili Aybek Smadiyarov "Elchimiz Kobulda ishlashda davom etadi. U yerda xodimlarning bir qismi qoladi", - deya maʼlum qilgan.
Shunga o‘xshash qaror boshqa bir qator mamlakatlar, jumladan, Daniya, Norvegiya va Chexiya tomonidan qabul qilindi. Qo‘shma Shtatlar mamlakatdagi diplomatik ishtirokini ham qisqartirmoqda-harbiylar fuqarolarni evakuatsiya qilish uchun yuborilgan. Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi diplomatik missiyasini tugatishga qaror qildi. Bunga Afg‘onistonda “Tolibon” harakati jangarilari tomonidan hujum qilinishi sabab bo‘lmoqda.
Turli manbalarga ko‘ra, “Tolibon” mamlakat hududining 90% ga yaqini, jumladan, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston chegarasidagi hududlarni nazorat qilmoqda. Ular mamlakat viloyatlarining yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritgan, deya xabar bermoqda “TASS”.
Bir kun avval toliblar tomonidan Mozori Sharif shahrining qo‘lga olingani maʼlum qilindi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, hukumat kuchlari shaharni deyarli jangsiz qarshi tarafga topshirgan. Harbiylar va hukumat vakillari O‘zbekiston chegarasiga kelgan. Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat haqida rasmiy maʼlumot berdi. Unga ko‘ra Afg‘oniston harbiylarining 84 nafari chegaradan o‘tgan. Uch nafariga tibbiy ko‘mak ko‘rsatilgan.







