Ikki oylik iste’mol uchun yetarli: O‘zbekistonda benzin zaxirasi yaratildi
Talab oshgan taqdirda birja savdolariga kuniga 10 ming tonnagacha benzin chiqarishi mumkin.

Qish mavsumida ichki bozorni benzin bilan barqaror ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 102 ming tonna benzin zaxirasi yaratildi. Mavjud zaxira ikki oylik iste’mol hajmini qoplash imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 916,1 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 1,1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Hozirda zavod sutkasiga o‘rtacha 3,2–3,4 ming tonna benzin ishlab chiqarmoqda.
Talab oshgan taqdirda birja savdolariga chiqariladigan benzin hajmini kuniga 8 ming tonnaga, zarurat tug‘ilganda esa 10 ming tonnagacha yetkazish imkoniyati mavjud. Shuningdek, ichki bozorda ehtimoliy taqchillikning oldini olish uchun tayyor benzin importi bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlar ta’sirida sun’iy talab va zaxira to‘plash holatlari yuzaga kelishi mumkinligi qayd etildi.
“O‘zbekneftgaz” tomonidan birja savdolariga chiqarilayotgan benzinning boshlang‘ich narxi esa aprel oyidan buyon o‘zgarmagan — bir tonnasi 14 million so‘m.








