Jamiyat

TIV O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi

Maʼlum qilinishicha, 14 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston bilan chegaradosh hududidan Afg‘oniston Qurolli kuchlarining 84 nafar harbiylari o‘tishgan.

TIV O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi

Ular DXX chegara qo‘shinlari tomonidan to‘xtatilgan va afg‘on harbiylari bunda hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan. Faqatgina uch nafar yarador uchun tibbiy yordam so‘ralgan.

TIV ning maʼlum qilishicha, afg‘on harbiylariga tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Shuningdek, vaqtinchalik joylashtirish choralari ko‘rilgan. “Termiz-Hayraton” ko‘prigining Afg‘oniston tarafida katta miqdorda afg‘on harbiylarining to‘plangani aniqlangan, ularga gumanitar yordam berish choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston TIV Afg‘oniston tarafi bilan afg‘on fuqarolarining vataniga qaytarish hamda “Termiz-Hayraton” ko‘prigida vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari 14 avgust kuni “Termiz-Mozori Sharif” temir yo‘li uchastkasida xizmat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari Respublikaga qaytarilgan. Xabarda aytilishicha, Termizda kuch ishlatar tuzilmalar va davlat hokimiyati organlaridan tarkib topgan maxsus operativ shtab tuzilgan.

TIV O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi | Zamon.uz