Koson tumani hokimligi panjaralari viloyat hokimi tanqididan so‘ng olib tashlandi
15 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimligi binosi atrofiga o‘rnatilgan temir to‘siqlar olib tashlandi. Bu haqda tuman maʼmuriyati matbuot xizmati xabar qildi.


«Koson tumani hokimligi fuqarolar bilan ishlashda ochiqlik va oshkoralikka doim amal qilib keladi. Bunga yaqinda tuman hokimi kabineti xalq qabulxonasiga aylantirilgani yaqqol misol bo‘ladi», — deyiladi xabarda.
Qolaversa, hokimlik xalq bilan o‘rtadagi har qanday to‘siqni olib tashlash tarafdori ekanini maʼlum qildi.
Avvalroq Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayrim hokimliklarni haligacha panjaralar bilan o‘ralganini tanqid qilgan edi. Koson tumani hokimligi endilikda Koson tumani hokimligi atrofida panjaralar o‘rnatilmasligiga ishonch bildirdi.
«Kichkinagina viloyat tashkilotlari, panjara, panjaradan keyin yana bir to‘siq… O‘zi hech narsa chiqmaydi. Lekin binosini qo‘riqlash kerak. Kimdan qo‘riqlayapsan, deb aytaman. O‘zingning fuqarongdanmi?» — deb so‘radi Zoyir Mirzayev.

«Nima uchun hokimlik yopiq joy bo‘lishi kerak? Men har doim viloyat maʼmuriyatiga chaqirilgan hokimlardan old eshikdan kirishni talab qilaman. Nima uchun? Panjaralar yo‘qligini ko‘rishlari uchun», — dedi u.

Hokim fevraldayoq temir to‘siqlarni olib tashlagan G‘uzor tumani hokimini misol qilib keltirdi.

Shanba kuni viloyatning Nasafnews nashri Kitob, Chiroqchi, Shahrisabz va Koson tumanlari ham panjaralar bilan o‘rab qo‘yilganini maʼlum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Toshkentdagi ko‘plab maʼmuriy binolar atrofidagi panjaralar demontaj qilingan edi. Poytaxt va ayrim tumanlar hokimliklari haligacha panjaralar bilan o‘ralgan.







