«Noto‘g‘ri axborotlar tarqatmang» — Prezident matbuot kotibi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 16 avgust kuni o‘tkazilgan brifingda Markaziy Osiyo va qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat tez surʼatlarda o‘zgarayotganini, OAV vakillariga bu borada turli feyklarga ishonib, axborot tarqatmaslikni taʼkidladi.

«15 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat bo‘yicha ham fikr almashildi. Ikki mamlakat idoralari o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Shu o‘rinda, men hurmatli jurnalistlarimizga aytmoqchiman. Albatta, Afg‘onistondagi vaziyat hammaning diqqat-eʼtiborida, hamma uni yoritishga harakat qilyapti. Lekin bu mavzuda spekulyatsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka, ishonchsiz manbalardagi gaplarni tarqatmaslikka chaqiraman.
Mana, kecha Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston—O‘zbekiston chegarasidagi vaziyat haqida rasmiy bayonot berdi. Bundan keyin ham o‘z vaqtida axborot berib boradi. Ilgari bunday vaziyatlarda rasmiy idoralar xalqimizga tegishli maʼlumotni yetkazib bermagan, bu birinchi marta.
Biz jurnalistlar va vatandoshlarimizga maʼlumotlar o‘z vaqtida yetkazilishini taʼminlaymiz. Sizdan iltimos, turli feyklarga ishonib, noto‘g‘ri axborotlarni tarqatmang. Bizning pozitsiyamiz shundan iborat, materiallarimiz shunga muvofiq bo‘lishi kerak», — dedi Asadov.







