Jamiyat

Surxondaryoga Afg‘oniston harbiy samolyoti qulab tushgani maʼlum qilindi

Afg‘oniston Harbiy havo kuchlarining belgisiga ega samolyot 15 avgust kuni kechqurun Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida qulab tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda qulagan samolyot qismlari va kamida bir inson jarohatlanganligi aks etgan video va fotolar tarqaldi.

Surxondaryoga Afg‘oniston harbiy samolyoti qulab tushgani maʼlum qilindi

 

 

“Gazeta.uz”ning yozishicha, Mudofaa vazirligi holatni o‘rganayotganligini maʼlum qildi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan esa izoh olishning imkoni bo‘lmagan. Nashrning Surxondaryodagi manbasi ikki nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filialiga yotqizilganligini tasdiqlagan.

 

 

Qayd etilishicha, bu voqeadan bir kun oldin kasalxonaga boshqa uch afg‘on askari ham yotqizilgan. Katta ehtimol bilan, gap O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida maʼlum qilingan uch yarador afg‘on askari haqida ketmoqda. Besh nafar afg‘onistonlikning ahvoli o‘rtacha deb baholanmoqda. Manbaning taʼkidlashicha, yaradorlar «ko‘krak qafasining penetral jarohati», «miya chayqalishi» va boshqa tashxislar bilan tibbiy muassasaga yotqizilgan.

 

Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, samolyotda bo‘lganlar parashyut bilan sakrashga ulgurgan.

 

Shuningdek, yana bir o‘zbekistonlik harbiy xizmatchining kasalxonaga yotqizilganligi haqida xabar berilmoqda. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Bu afg‘on samolyot bilan qulashi bog‘liqmi yoki yo‘qmi, maʼlum emas.

Surxondaryoga Afg‘oniston harbiy samolyoti qulab tushgani maʼlum qilindi | Zamon.uz