Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi
Xalqimizda qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi, degan naql bor.


Bu bejiz aytilmagan. Har qanday yovuz ishni xalq nigohidan yashirib bo‘lmaydi. Shubhasiz, qilingan noto‘g‘ri ishlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbirlar doirasida aniqlanadi. O‘ylamay qilingan hatti-harakat javobi, albatta, beriladi.
Buxoro viloyati Romitan tumani Sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi bo‘limi xodimi S.Sh.ning yashirin siri tezkor tadbir davomida oshkor bo‘ldi. U fuqaro K.R.ga “G‘azberon” va “Qoqishtuvon” mahallalari hududida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ochishi uchun “Sanitariya-gigiyena” xulosasini tayyorlab berish evaziga 500 ming so‘m talab qiladi. Tumanning Xosa qishlog‘ida joylashgan NMTT hovlisida kimyoviy ishlov berilgan ushbu pullarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan S.Sh. ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oqqo‘rg‘ondagi bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda Samarqaddagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bir yoshli bolaning kaltaklanganiga IIVning munosabati haqida xabar berilgandi.







