Toshkentda dorixonani o‘margan ikki bosqinchi qo‘lga olindi
Poytaxtimizning Yashnobod tumani “Aviasozlar” dahasida joylashgan dorixonalardan biriga 2 nafar shaxs bostirib kirib sotuvchidan psixotrop dori vositalarini talab qilgan.


O‘zaro til biriktirib harakat qilgan bosqinchilarning vajohatidan vahimaga tushgan dorixona xodimi ish joyini tashlab orqa eshikdan qochib ketgan.
Jinoyatchilar ushbu vaziyatdan unumli foydalanib, kassadagi 1 million so‘mga yaqin pul, uyali telefon apparati, videokuzatuv kamerasi xotirasini o‘zida saqlovchi qurilma va bir qancha dori vositalarini olib voqea joyidan yashiringan. Ammo bosqinchilar quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Shu kuni Yashnobod tumani ichki ishlar organi xodimlari olib borgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida har ikkala bosqinchi shaxsiga oydinlik kiritildi.

Gumondorlar S.M va I.K yashayotgan uyidan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan bosqinchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164 moddasi 2 qismi B bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.







