Jamiyat

Surxondaryoda bolasidan voz kechgan ona qamaldi

Ona mehri betimsol. Uning o‘lchovi yo‘q. Yaratgan onalar qalbiga shunday g‘aroyib va beqiyos mehr-muhabbat urug‘ini joylaganki, buning taʼrifiga til ojiz. Hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarida turfa taqdirlarni uchratamiz. To‘qqiz oy vujudida asrab-avaylab, ming qiyinchilik ila dunyoga keltirgan farzandidan osonlikcha voz kechgan qabih kimsalarning moʻtabar nomga dog‘ tushirayotgani ko‘ngilga qora parda tortadi.

Surxondaryoda bolasidan voz kechgan ona qamaldi

 

 

Majburiy ijro byurosining Surxondaryo viloyati Muzrabot tuman bo‘limi. Tashkilotning ish yurituvchisiga noodatiy aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjati kelib tushadi. Bu asosida xodim tomonidan ijro harakatlari olib borildi.

 

Dilrabo Sodiqova oilasidan voz kechib, yolg‘iz farzandini qaynonasiga tashlab ota uyiga ketib qolgan.

 

D.Sodiqovaning qaynonasi bolani o‘z tarbiyasiga olib, uni moddiy taʼminot bilan taʼminlashda qiynalgani sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo sudiga bolaning onasidan aliment undirib berishini so‘rab qilgan murojaati qanoatlantirilgan.

 

Mazkur sudning 2018 yil 25 sentyabrdagi aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha Byuroning Muzrabot tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilib, bolasini moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlagan ona bilan bir necha bor tushuntirish-targ‘ibot ishlari borilgan.

 

Bolasiga aliment to‘lamasligini aytgan onaga nisbatan Byuroning tuman bo‘limi xodimlari maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudiga taqdim etilgan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida bolasiga aliment to‘lashdan bosh tortgan onaning ishi atroflicha ko‘rib chiqilib, Dilrabo Sodiqova aybiga iqrorlik bildirgani, haqiqatdan ham bir farzandining taʼminoti uchun 8 million so‘m aliment pullarini to‘lamaganini tan olib, suddan yengillik so‘radi.  

 

Sud huquqbuzar D.Sodiqovaga jazo tayinlashda aybini tan olib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, ayolligini, ilgari maʼmuriy javobgarlikka tortilmaganini inobatga olib, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi belgiladi.

 

Alimentchi onaning maʼmuriy qamoq jazosini o‘tab chiqishi uni aliment qarzdorligini to‘lashdan ozod etmaydi.  

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda 1 yoshli chaqalog‘ini sotayotgan ayolning qo‘lga olingani hamda Toshkentda chaqalog‘ini 18 ming dollarga sotgan ayol qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Surxondaryoda bolasidan voz kechgan ona qamaldi | Zamon.uz