Jamiyat

Toshkent viloyatining baʼzi hududlari Toshkent shahriga o‘tkazilmoqda

Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, Toshkent shahri aholisi soni 2737,2 ming kishini tashkil etib, joriy yil boshiga nisbatan 42,8 ming kishiga yoki 101,6 foizga o‘sgan. Aholining zichligi esa 1 km kv. maydonga 7 ming 564 kishini tashkil etmoqda.

Toshkent viloyatining baʼzi hududlari Toshkent shahriga o‘tkazilmoqda

 

 

Poytaxt aholisi sonining yil sayin yuqori surʼatlarda o‘sib borishi shaharda yangi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, madaniy va dam olish maskanlarini ko‘paytirishni taqozo etyapti.  

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.  

Mazkur masala parlament quyi palatasining joriy  yil 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida muhokama qilinib, xalq vakillari tomonidan berilgan ko‘plab savollar ochiq qolgani sababli, qaror loyihasi qo‘mitaga qaytarilgan edi.  

O‘tgan vaqt ichida loyihani maromiga yetkazish, yana-da takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar vakillari, deputatlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazilib, qaror loyihasi maromiga yetkazildi.  

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatidan jami 7853,3 gektar yer maydoni (shundan 3250,1 gektari qishloq xo‘jalik yerlari) Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilishi belgilanmoqda. Jumladan:

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar yer maydoni (Chorbog‘, Belariq, Fayzli, Jaloyir, Nomdanak, Qumariq, Xonobodtepa, Taraqqiyot, Qorasuv, Xonobod, Qushbegi, Sohibkor, Istiqlol, Nurafshon MFYlar) Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga;

✅ Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar yer maydoni(Gulbog‘, Yik ota MFYlar) Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;

✅ Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar yer maydoni(Bektemir, Nurafshon, Namuna, Yangi hayot, A.Navoiy MFYlar) Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;

✅ Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar yer maydoni (Geofizika, Alisherobod, Chingeldi, Do‘stlik, Taraqqiyot, Barkamol, Bog‘ishamol, Vatanparvar, Amr Temur, Mevazor, Gulbog‘, Gulzor-1, Pastki yuz MFYlar) Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga;

✅ Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar yer maydoni (Jarboshi, Tashisti, Ibrat, Mirishkor, Arg‘in, Bahor, Chinor, Tovkentepa MFYlar) Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga;

✅ Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga;

✅ Toshkent viloyatining Bektemir tumani tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Deputatlarning fikricha, Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga yer maydonlarining o‘tkazilishi kelgusida aholi turmush sharoitini yana-da yaxshilashga, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qiladi.  

 

Bahriniso Madumarova

Toshkent viloyatining baʼzi hududlari Toshkent shahriga o‘tkazilmoqda | Zamon.uz