Avtohalokatga uchragan yurtdoshimiz O‘zbekistonga qaytarildi
Surxondaryolik 23 yoshli fuqaro bundan 2 yil avval Rossiyaning Rostov-Don shahriga ishlash uchun boradi.


Shu yilning 29 may kuni vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish vaqtida avtohalokatga uchraydi. Oqibatda og‘ir tan jarohati oladi. So‘ngra ushbu fuqaro Rostov viloyatining Bataysk shahri shifoxonasiga yotqiziladi.
U bugun, 19 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ajratilgan tibbiyot xodimi nazorati ostida Rostov-Don — Toshkent yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga olib kelindi.
Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi maʼsul xodimlari va fuqaroning yaqinlari uni kutib oldi.
Fuqaroni tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish, davolash muolajalarini davom ettirish maqsadida tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga kuzatib qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik fuqaro vatanga qaytarilgani hamda Shveysariyada vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga olib kelingani haqida xabar berilgandi.







