O‘zbekistonda «Xalqaro hojatxona sammiti» bo‘lib o‘tishi kutilmoqda
Turizm va sport vazirligi vakillari bilan Singapurda joylashgan World Toilet Organization (Butunjahon hojatxona tashkiloti) bosh kotibi va asoschisi Jek Lim hamda Xalqaro loyihalar boshqaruvchisi Sarika Saluja o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.


Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda mahalliy aholi va turistlarga qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish borasidagi ishlarni yana-da kuchaytirish bo‘yicha vazirlik tomonidan yana bir hukumat qarori loyihasi tayyorlanayotgani, uning natijasida mamlakatdagi barcha turistlar tashrif buyuradigan obyektlarning 2022 yil yakuniga qadar to‘liq zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan taʼminlanishi kutilayotgani aytilgan.
Uchrashuv yakunida vazirlik masʼullari tomonidan mazkur tashkilot yetakchi ekspertlari soha bo‘yicha tegishli fikrlar almashish hamda tashkilotning 2021 yildagi xalqaro sammitini o‘tkazishi masalasini muhokama qilish maqsadida mamlakatga taklif qilingan.
Maʼlumot uchun, World Toilet Organization 2001 yilning 17 noyabrida Singapurda tashkil etilgan bo‘lib, dunyo bo‘ylab tozalik va sanitariya normalarini ishlab chiqish, hojatxonalar uchun talablar, yangi texnologiyalar tatbiq etish, ularning jamiyat salomatligi va atrof-muhitga taʼsirini o‘rganish kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Ko‘plab mamlakatlarda milliy loyihalarni shakllantirish, jamiyatda hojatxona mavzusiga bo‘lgan eʼtiborsizlikka qarshi kurashish va milliy dasturlarni xorijda targ‘ib qilish ushbu nufuzli tashkilotning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekistondagi salkam 1300 ta maktabda hojatxona, qariyb 3 mingtasida oshxona yo‘qligi maʼlum qilingandi.







