“Ortimda qolgin bolam!” Ota-onaning farzandiga qilgan o‘tinchi
Har bir inson farzandli bo‘lar ekan, uning kamolini, kelajagini, to‘y-u tantanalarini orzulaydi va bundan zavq oladi. Jigarining bir parchasini yo‘qotish tugul, hatto barmog‘iga zirapcha kirishi haqida o‘ylashni istamaydi.

Baxtsiz hodisa qurbon bo‘lgan 1 yoshli bolakayning onasi ham shunday zavqli orzular og‘ushida yashayotgan bir vaqtda dilbandidan ajralishi haqida o‘ylamagandi. Afsuski, taqdir ekan...
Qarshi shahrida endigina yurishni o‘rganayotgan bolakay avtohalokat qurboni bo‘ldi. Ona farzandini yerga qo‘ygan, lekin bolakayning quvnoq qiqirlashlari oila aʼzolari qulog‘ida hanuz jaranglamoqda. Qachonlardir bolakayga shodlik ulashgan aravacha bugun judolikka uchragan yaqinlar uchun mudxish kunni eslatadi. Norasida go‘dak haydovchi ehtiyotsizligi sabab qurbon bo‘ldi. Oddiy eʼtiborsizlik oqibatida begunoh go‘dakning taqdiriga qora chiziq tortildi. Haydovchi esa bir umrlik vijdon azobiga yo‘liqdi.
Farzandidan ayrilgan mushtipar onaning iztiroblari, armon va o‘kinchlari yolg‘iz o‘zigagina ayon.
— O‘glim bolalar bo‘tqasi yerdi. O‘sha kuni ko‘chaga shuni sotib olish uchun chiqqandik. Baxtsiz hodisa tufayli bolamdan ayrildim. Bolajonim... Farzandimni qabrga qo‘yganimga bir haftadan o‘tdi, — deydi vafot etgan bolakayning onasi.
Falokatdan bir necha daqiqa avval ona-bola oqshom salqinida do‘kondan qaytayotgan bo‘lgan. Avtohalokatga piyodalar yo‘lagi “guvoh bo‘ldi”. Mana to‘qqiz kundirki onaning na kunida, na tunida halovat bor. Farzandining kiyimlarini hidlay-hidlay ko‘ziga bir dam uyqu ilinadi. Tushlarida uni ko‘radi. Ammo uyg‘ongach yana iztirob onanini cho‘lg‘ab oladi.
— Endigina emaklaydigan bo‘lgandi. Ko‘tarsam soqolimga yopishardi. Devorlarni ushlab, yurishga harakat qilayotgandi, — deydi bolakayning bobosi ko‘z yoshlarini yashirishga urinib.
Buvisining ham yuragi tilka-pora bo‘lgan. Kelinini qaysi so‘z bilan ovutmasin, bari befoyda.
Baxtsiz hodisa sababchisi bo‘lgan, 20 yoshli tajribasiz haydovchi ham bo‘lib o‘tgan voqeadan afsusda. Uning tezlik oshirishiga ko‘rsatgan bahonasi — oilasida yuz bergan muammo (haydovchi oilasida bo‘lgan muammo sabab harakat tezligini oshirganini ro‘kach qilmoqda). U qilgan ishidan pushaymon. Lekin, yolvorib so‘ralayotgan uzrlar ota-onasi ko‘zini quvontirib yurgan bolakayni ular bag‘riga qaytarolmaydi.
Hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi. Farzand dog‘ida kuyayotgan ona qariyb bir hafta har eshikka bosh urib, adolat talab qiladi. Aybdorga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Haydovchiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bir daqiqa ikki umr va ikki oila taqdirini hal qildi. Soniyalardan yutish istagi yosh haydovchi uchun yillarga tushdi. Hozir har ikki oilaning dardi o‘zi uchun ulkan. Haydovchi jazosini o‘tab, oilasi bag‘riga qaytadi. Ammo halok bo‘lgan go‘dakchi? Bu mudhish voqea begunoh bolakayning oila aʼzolari hayotida chuqur bo‘shliq qoldiradi.
Maftuna Rejabboyeva







