Otabek Mahkamov salomatligi haqida tarqalgan mish-mishlarga oydinlik kiritdi
Taniqli jurnalist 1 oydan beri ogʻir betobligini tasdiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda taniqli jurnalist, huquqshunos, aktyor Otabek Mahkamov xastalikka chalingani va hozirda ogʻir ahvolda ekani haqida xabarlar tarqaldi. Amerikada yashab ijod qilayotgan serqirra ijodkor borasidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida Zamon.uz muxbiri u bilan bogʻlandi.
O.Mahkamov shifoxonada boʻlishiga qaramay muloqot qilishdan bosh tortmadi.
“Afsuski, kecha Nyu-York gospitalida ikkinchi operatsiyadan keyin kechki payt operatsiya qilingan joy qonab ketib, oʻn shkalali ogʻriqdan, aynan, oxirgi darajadagisi boshlandi. Vrachlar ogʻriqni toʻxtatish uchun uch marotaba morfin qilishdi, lekin ogʻriq umuman toʻxtamadi”, – deydi O.Mahkamov.
Jurnalist mamlakatimizdagi tibbiyot sohasiga ham befarq emasligini taʼkidlab oʻtdi. Davlatimiz rahbarining Oʻzbekistonda korrupsiyani tubdan yoʻq qilish kerakligi haqidagi fikrining bejiz emasligini ochiqlab berdi.
“Agarda men Nyu-Yorkning eng yaxshi gospitallaridan birida, zoʻr mutaxassislar bor boʻlishiga qaramasdan, shunaqa umuman chidab boʻlmaydigan ogʻriqlar bilan yotgan boʻlsam, unda, xuddi shu kasalga chalingan yoki bundan battariga vatandoshlarim, koʻpchiligi diplomini Toshkent tibbiyot akademiyasidan sotib olgan vrachlarning qoʻlida nimalar qilishayotgan ekan”, – deb oʻylab qoldim deydi jurnalist.
“12 yil oldin oʻzbekistonlik chalasavod vrachlarni deb 49 yoshli oyimdan ayrilib qolgan edim.Shuning uchun bu dunyoni oʻsha ogʻir vaziyatda tark etishim mumkinligini bilib, hech boʻlmasa oʻz pozitsiyam va iltimosimni shoshilib, qaltiragan qoʻllarimda xatolar bilan yozdim. Bor gap shu. Bunaqa shov-shuv koʻtariladi deb oʻylamagan edim. Matn xatolari tahririyat tomonidan oʻzgartirilmagan”, – deya taʼkidlaydi jurnalist.
Maʼlumot uchun, O. Mahkamov Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimiga kiruvchi birorta ham davolash muassasasida muolaja olmagani aniqlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Otabek Mahkamov qanday kasallik bilan ogʻrigani haqida maʼlumot berish ortiqcha ekanini aytdi. Hozirgi ahvoli ham ancha ogʻirligini taʼkidlab shifokorini almashtirayotganini maʼlum qildi.







