Jamiyat

Prezident biz bilan! Bunday islohotlar biz uchun juda muhim

Bugun atrofimizga nazar tashlar ekanmiz har jabhada rivojlanish va yangilanishlarga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, yurtboshimizning tadbirkorlik sohasini yana-da rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlari, tadbirkorlik faoliyatining aholi orasida keng quloch yoyishiga sabab bo‘lmoqda. Haqiqiy tadbirkor faqat oldinga intiladi. U turli to‘siqlarni mardonavor yengib o‘tsagina sohasida muvaffaqiyatga erisha oladi.

Prezident biz bilan! Bunday islohotlar biz uchun juda muhim

 

 

Biz ham salkam 4 yildan buyon “Kegeyli qogoz” MCHJ tashkil etib, korxonada sellyuloza ishlab chiqaryapmiz. Loyiha quvvati 18 000 tonna, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyasi esa 1,8 millionni tashkil etadi. Bizning xorijiy hamkorlarimiz Xitoy davlati. Hozirda korxonamiz 1 tonna mahsulotni 600 dollarga baholamoqda.

 

Bir necha kun avval Prezidentimizning biz tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot qilishini eshitib behad quvondim. Chunki har bir tadbirkorning yutug‘iga yarasha, muammosi ham bo‘ladi. Tadbirkorlar eshikma-eshik yurib, sarson bo‘ladigan davrlar o‘tib ketdi. Biz faqat olg‘a intilishimiz kerak. Chunki yaratilgan sharoit va imkoniyatlar yetarlicha.   

Bugungi kunda biznesni moliyalashtirish va biznes sohasidagi moliyaviy-kredit masalalari bilan bog‘liq vaziyat hech bir tadbirkorni  chetlab o‘tmaydi. Shuning uchun bunday islohotlar biz uchun juda muhim. Ayniqsa, tadbirkorlarni kerakli hajmda energiya bilan taʼminlash masʼuliyati va javobgarligi Energetika vazirligi zimmasiga yuklanishi hamda uning  qonun bilan mustahkamlanishi yirik korxonalarning ishlab chiqarish samarodorligiga ijobiy tasir etadi. Bu esa o‘z-o‘zidan import —eksport hajmining ortishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish esa, asosan import bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga beriladigan katta imkoniyatlardan biri.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligining taʼminlanishi  kelgusida tadbirkorlik faoliyatining yana-da puxta o‘ylangan qonunlar bilan mustahkamlanishidan darak beradi.

Malakali tadbirkor sifatida shuni ayta olamanki,  biz kelajakda yurtboshimiz tomonidan berilgan bunday imkoniyatlarni munosib baholab, xalq farovonligi yo‘lida yana-da ko‘proq mehnat qilib, turmushimizning moliyaviy ahvolini yaxshilashda rahbarlarga yelkadosh bo‘lishga harakat qilamiz.

 

Rahimjan Qutlimuratov,

«KEGEYLI qogoz» MCHJ direktor o‘rinbosari

Prezident biz bilan! Bunday islohotlar biz uchun juda muhim | Zamon.uz