Surxondaryoda urib tushirilgan afg‘on samolyotining ikki uchuvchisi jonlantirish bo‘limidan chiqarildi
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 15 avgust kuni kechqurun Afg‘oniston farqlash belgilari bo‘lgan samolyot qulab tushishi oqibatida samolyotning ikki uchuvchisi Termizdagi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi.

Sputnik‘ning maʼlum qilishicha, ular jonlantirish bo‘limidan chiqarildi.
«Ularning holati yaxshilandi, ular jonlantirish bo‘limidan travmatologiya bo‘limiga o‘tkazilgan, ikkalasi ham hushiga kelgan», — deb taʼkidlagan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz filiali xodimi. Uning aytishicha, ayni vaqtda uchuvchilarning ahvoli o‘rtacha og‘ir deya baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi vakili Sherobodga Afg‘oniston samolyoti qulaganini qisman tasdiqlagandi. «Ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, ammo samolyot bor deyishdi», — degan edi boshqarma vakili.







