“Mehnatimiz eʼtirofi bizga ulkan kuch bag‘ishladi”
Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bunday shakldagi uchrashuv ilk bor o‘tkazildi va unda jami o‘n mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Uchrashuvda mamlakatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlar oldida turgan muammolarni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish qayd etildi.

Ayrim ishbilarmonlar o‘z biznesini mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratdi, nufuzli kompaniyalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda o‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar shakllana boshladi. Davlatimiz rahbari ana shunday azmu shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning ayrimlarini tilga olib, xalqimizga madadkor bo‘layotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi. Ular orasida “MAKRO FARM ANDIJON” MCHJ korxonasi ham bor.
Jurʼatbek Quvatov, “MAKRO FARM ANDIJON” MCHJ taʼsischisi:
— Korxonangiz qachon tashkil etilgan?
— Korxonamiz 2014 yilda tashkil topgan. U dastlab 8 ta chakana savdo dorixonasidan iborat edi. 2016 yilda dorivor o‘simlik xomayoshyosidan biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqara boshladik. 2018 yil davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga tashrifi davomida tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihasi taqdimotini o‘tkazdik. Bu loyiha Prezidentimizga juda yoqdi va uni tezroq ishga tushirishni taklif qildi. Shundan keyin ishimiz yurishib ketdi. 2019 yil loyihamiz to‘liq ishga tushdi. Yurtboshimiz Andijon viloyatiga navbatdagi tashrifida yana bizning korxonamizga tashrif buyurdi, yo‘llanma va maslahatlar berdi.
— Hozirgi kunda qanday mahsulotlar ishlab chiqarilyapti?
— Ayni paytda 53 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqaryapmiz. Bir marotabalik shpris, infuzion sistema, tibbiy niqob, bahilla, tibbiy xalat, bel grijasi uchun maxsus belbog‘, elastik va tibbiy bint, tibbiy doka, paxta shular jumlasidan. Korxona hududida qandolat va non ishlab chiqarish sexi tashil etdik. Tekstil fabrikasini yo‘lga qo‘ydik. Bir vaqtni o‘zida dorixona va bir qancha oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini ham yuritamiz.
— Qancha odam ish bilan taʼminlandi?
— Hozirgi kunda korxonalarimizda 2 ming 800 xodim faoliyat yuritadi. Ular uchun barcha sharoit mavjud. Korxona hisobidan 3 mahal issiq ovqat beriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga kiyim-kechak, oziq-ovqat va qo‘shimcha yordam puli ajratamiz.
— Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning qanchasi eksport qilinyapti?
— Korxonalarimizda bir yilda 120 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimiz nafaqat mahalliy bozor, balki Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonga eksport qilinyapti. Yiliga 2 million dollarlik mahsulot eksport qilamiz.
Tan olish kerak, 2016 yilga qadar men tadbirkor emas, chayqovchi bo‘lganman. Faqat dori olib kelib sotganman. Pulim bo‘lgan, ammo tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, biror korxona ochish, unda mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha na imkoniyat, na rag‘bat bo‘lgan. Yurtboshimiz ko‘p narsani oldindan ko‘ra biladi. 2016 yil farmatsevtika tarmog‘ida ishlaydigan ulgurji va chakana savdo dorixonlari uchun dorivor o‘simlik xom ashyosini qayta ishlash majburiy qilib qo‘yildi. O‘shanda tushunmaganman: meni o‘t-o‘lan, dorivor o‘simliklar qanday foyda olib keladi, degan savol qiynagan. Keyin dorivor o‘simliklarni 50, 100 gram qilib qadoqlay boshladik. Qarasak qisqa muddatda yaxshi foyda oldik. Xorijdan uskunalar olib kelib dorivor o‘simliklarni qadoqlashni ko‘paytirdik. Sirop, tabletka va surtmalar ishlab chiqarishga o‘tdik. Bu bilan nima demoqchiman. O‘shanda Prezidentimiz to‘g‘ri talab qo‘ygan ekan. Mana hozir bu korxonalar ortidan qancha odamlarni ish bilan taʼminladim, yaxshi foyda oldim va men buning uchun Yurtboshimdan minnatdorman. Kechagi yig‘ilishda davlatimiz rahbari mehnatimizni yana bir bor eʼtirof etdi. Bu bizga katta ruh bag‘ishladi. Uchrashuvda tilga olingan tadbirkorliki qo‘llab—quvvatlashga qaratilgan imkoniyat va imtiyozlar bizning ichimizdagi gaplar, dardlar edi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, faoliyatimizni yana-da kuchaytirishga so‘z beramiz.
— Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
— Hozirgi kunda kosmetologiya yo‘nalishida korxona ochishni rejalashtiryapmiz. Unda 120 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Munojat Valiyeva







