Toshkentning 12 ta chorrahasiga «aqlli svetoforlar» o‘rnatiladi
«Aqlli svetoforlar» Nurafshon yo‘lining Labzak, Sebzor, Qorasaroy, Sag‘bon, Farobiy, Beruniy, Bog‘, Ko‘chcha darvoza, Xumdonsoy, Samarqand darvoza, Oqlon 3-proyezd, Shimoliy Olmazor ko‘chalari bilan kesishmalariga o‘rnatiladi.


Uch oy davomida svetoforlarning ishlashi monitoring qilib turiladi. Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasiga mazkur chorrahalarda elektr taʼminoti uzluksizligini taʼminlash topshirildi.
«Aqlli svetoforlar»ni o‘rnatish Prezidentning 2021 yil 1 apreldagi «Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmonida ko‘zda tutilgan edi.
«Aqlli svetofor» tafsilotlari hali maʼlum qilingani yo‘q. Ammo Moskvadagi xuddi shunday svetoforlar kompyuter bilan bog‘langan. Ularni boshqaradigan dastur o‘zi qaror qabul qilishi, boshqa svetoforlar bilan “maslahatlashishi” va ular bilan sinxron ravishda ishlashi mumkin.
Yo‘l uskunalarini o‘rnatish ishlari bilan shahar hokimligining «Yagona byuurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi shug‘ullanadi. Loyiha mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.







