Daraxt – reklamalar uchun joy emas
Odatda, reklama tarqatuvchilar ko‘pchilikning eʼtiborini jalb qilish maqsadida o‘zgacha usullardan foydalanishga harakat qiladi.

Keyingi vaqtlarda o‘zboshimchalik bilan reklama lavhalarini daraxtlarga osib qo‘yish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Metall konstruksiyali reklama lavhalarini o‘rnatish uchun daraxt tanasiga har tomondan mixlar qoqib qotiriladi hamda kabel va simlar o‘tkazilib, ular ham daraxt tanasiga turli xil usulda yana bir bor mustahkamlanadi. Bunday reklamalarni joylashtiruvchilar daraxtlarning holati haqida aslo qayg‘urmaydi – qo‘lbola usulda yasalgan bilbordlarini osish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning tanasiga mix va burama mixlar qoqib, ilgaklar bilan bog‘lab qo‘yadi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida daraxtlarga reklama o‘rnatish bo‘yicha aniqlangan 1300 dan ortiq holatdagi reklamalar olib tashlandi.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, tashqi reklamani moddiy madaniy meros obyektlari, yo‘l belgilari va svetoforlarga, ularning tirgaklari yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qurilmalarga joylash mumkin emas. Shuningdek, dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yo‘li bilan reklamalar joylashtirish taqiqlanadi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan noqonuniy reklamalarning atrof-muhitga zarar yetkazayotgani yuzasidan tegishli chora ko‘rilishi bo‘yicha xat chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) daraxtlarda o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi reklama tarqatuvchilarini tabiatga ziyon yetkazuvchi noqonuniy reklama peshlavhalarini o‘rnatmaslikga chaqiradi.
@bexatoreklamabot telegram boti orqali siz tashqi reklama vositalarining daraxtda o‘rnatilgani haqida Agentlikka xabar berishingiz mumkin.







